Minskdagi biznes-forumda o‘zbek va belarus tadbirkorlari $92 mlnlik shartnomalar imzoladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiyasining Belarusga tashrifi davomida O‘zbekiston-Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumi o‘tkazildi.

Sanoat va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, madaniy-gumanitar hamda turizm va transport kabi sohalar vakillari ishtirokidagi forumda yengil sanoat sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar almashish, mato, kiyim-kechak, poyabzal, mo‘yna va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi.

Bundan tashqari, IT sohasida aloqalarni rivojlantirish, xotin-qizlar uchun raqamli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish hamda raqamli iqtisodiyotga jalb etish, ayollarning bu boradagi savodxonligi va malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun birdek manfaat keltirishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yalpi majlisda tibbiyot sohasida hamkorlikni mustahkamlash, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, tibbiy klasterlar yaratish, oziq-ovqat sanoati, avtomobilsozlik uchun kimyo mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr bildirildi.

Yakunda tomonlar deklaratsiya qabul qildii. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim, gumanitar, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari belgilangan.

Ikki mamlakat tadbirkor ayollari o‘rtasida “B2B” formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida $92 mlndan ortiq 42ta shartnoma va 17ta memorandum imzolandi.


Avvalroq O‘zbekiston Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan investitsiya qonunchiligini yangilashga kelishib olgandi.