Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $120 ming miqdoridagi oylik maoshi undirilib berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, bir guruh fuqarolar agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi huzuridagi Mehnat migrantlarining murojaatlari bilan ishlash va huquqiy qo‘llab-quvvatlash markaziga oylik maoshini undirib berishda amaliy yordam so‘rab, murojaat qilgan.

Murojaat doirasida markazning mas’ul xodimlari tomonidan ish beruvchi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida “SMU-161” korxonasidan 131ta fuqaroning 11,5 mln rubl ($120 ming) miqdoridagi pullari to‘liq undirib berildi.

Avvalroq Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $148 mingdan ortiq pullari undirib berilgandi. Migrantlarning sug‘urta, kompensatsiya hamda oylik ish haqi mablag‘larini olishlariga yordam berilgan.