Koreya grant mablag‘lari asosida O‘zbekistonda integratsiyalashgan jamoat transportini monitoring qilish markazi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, Janubiy Koreyada bo‘lib turgan vazir o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov boshchiligidagi ishchi guruh muhokamalar olib bormoqda.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Hyundai Rotem”, “KEC” korporatsiyasi, “Cheil Engineering” va “Dohwa Engineering” kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida Koreyada ishlab chiqarilgan tezyurar poyezdlarning texnik imkoniyatlari va ularning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, quyidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi:

  • Koreya grant mablag‘lari hisobiga integratsiyalashgan jamoat transportini monitoring qilish markazini tashkil etish;
  • Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish;
  • yo‘l xo‘jaligi sohasida DXSh asosida loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish.

Ishchi guruh vakillari tashrif davomida “KEC” korporatsiyasining pullik avtomobil yo‘llarini onlayn monitoring qilish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Avvalroq Xitoyning “Yutong bus” kompaniyasi Namanganga 100ta avtobus yetkazib berishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, Xitoyning “Dongfeng Motor” kompaniyasi Farg‘onada elektrobuslar ishlab chiqaradi.

Loyiha birinchi bosqichda 4 gektar maydonda amalga oshirilib, unga $45 mln yo‘naltiriladi. Ikkinchi bosqichda 2025-yili $50 mln kiritilib, elektrotransportlar akkumulyatorlari va boshqa butlovchi qismlari mahalliylashtiriladi.