Dushanbe shahrida Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya transport yo‘lagi bo‘yicha yuqori darajadagi ishchi guruhning birinchi maslahat yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

IHTga a’zo davlatlar transport vazirlarining 11-yig‘ilishida qabul qilingan Anqara deklaratsiyasiga ko‘ra, mazkur multimodal transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha loyiha dasturini ishlab chiqishga kelishilgandi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yuk tashishlarni ko‘paytirish va savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tranzitni rivojlantirish va rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolashni jadallashtirish ko‘rib chiqildi.

Avgust oyi oxirida Xitoy O‘zbekistonga yangi temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha eksportni yo‘lga qo‘ydi. Poyezd yo‘nalishi Qozog‘iston bilan chegaradagi Xorgos quruq porti orqali o‘tadi.