Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

“Spot” unda qayd etilgan muammolar hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlarni bir joyga jamladi.


Transport-logistika xarajatlari bir necha barobar oshdi

So‘nggi 7 yilda mamlakatda sanoat korxonalari soni 2,7 baravarga oshib, 110 mingtaga yetgani, 2 mingdan ziyod turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, sanoat hajmi 1,5 baravarga oshgani qayd etildi.

Eksport hajmi 1,6 barobar ko‘payib, o‘tgan yili $19 mlrdga yetdi. Bular hisobiga mamlakatda yuk aylanmasi 30%ga oshdi. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand va vodiy viloyatlariga yuk tashish 1,5 baravar ko‘paydi.

Shu bilan birga, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari bir necha barobar oshib ketdi.

Lekin, hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5%i, eksportda esa 45% temir yo‘l orqali tashilmoqda. Ya’ni, temir yo‘l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti.


Bilet sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoitlar

Yig‘ilishda temir yo‘l sohasidagi islohotlar sur’ati iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan yangilanishlardan ortda qolayotgani, bu sohada ham tub o‘zgarishlarni amalga oshirish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Jumladan, bundan 2 oy avval sohaga yangi rahbar tayinlangandi. Tizimda eskicha fikrlaydigan, tashabbus bildirmaydigan 30ga yaqin rahbar yangilandi. Samarasiz shtatlar qisqartirildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 191ta temir yo‘l stansiyasiga borilib, ulardagi haqiqiy ahvol tahlil qilindi, 500dan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashildi.

Ushbu tadbirlar natijasida sohada hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy muammolar aniqlanib, ularning yechimlari belgilab olindi.

Jumladan, quyidagi kamchiliklar sohani isloh qilish zaruriyatini ko‘rsatmoqda:

  • ayrim temir yo‘l korxonalari rentabelligi past;
  • vagonlar parkining bir qismi ta’mirtalab va yangilanishga muhtoj;
  • sohada xususiy sektor ishtiroki uchun zarur imkoniyatlar yaratilmagan;
  • bilet sotishdagi korrupsiya;
  • vagonlardagi sharoit;
  • servisdan aholi norozi.

Temir yo‘l stansiyalariga xususiy sektor jalb qilinadi

Davlat rahbari ayrim temir yo‘l stansiyalarining daromadi o‘z xarajatlarini qoplamayotganiga e’tibor qaratdi.

Masalan, “Nazarbek” stansiyasi atrofida ham aksiyadorlik jamiyatiga qarashli, ham xususiy logistika kompaniyalari joylashgan.

“Temir yo‘l"ga qarashli “Yuksaroy” korxonasi yiliga 1 gektar maydondan 277 mln so‘m daromad topgan bo‘lsa, xususiy korxonalar 1 mlrd so‘mdan ortiq daromad olayapti.

Shu munosabat bilan temir yo‘l stansiyalariga xususiy sektorni jalb qilish va investitsiya kiritish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.


Temir yo‘l yuk stansiyalari shaharlardan tashqariga ko‘chirilishi mumkin

Yig‘ilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan temir yo‘l yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish imkoniyatini o‘rganish zarurligi qayd etildi.

Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qo‘shimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.

Sohada raqamlashtirish qoniqarli darajada emasligi ham ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilning 7 oyida yuk tashish xizmatining atigi 8%i elektron rasmiylashtirilgan, yo‘lovchi chiptalarining 57%i kassalar orqali sotilgan.

Bundan tashqari, markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtomobil saqlash joylari vokzallardan uzoq. Vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Poyezd to‘qnashuvlari holatlarining oldini olish uchun barcha avtomobil va temir yo‘l kesishmalarini nazorat qilish, yo‘l belgi, shlagbaum va kameralar o‘rnatish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.


“O‘zbekiston temir yo‘llari” xoldingga aylantiriladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ni xoldingga aylantirib, tizimda yangi boshqaruvni joriy qilish, jumladan, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.

Vagonlar parkini yangilashga mo‘ljallangan kredit va kompensatsiya ajratish mexanizmlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.


Sohada “Yagona darcha” tizimi yaratiladi

Mutasaddilarga temir yo‘l stansiyalari va ular atrofidagi bo‘sh maydonlardan unumli foydalanib, kompleks logistika xizmatlari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirish topshirildi.

Sohada IT auditini o‘tkazib, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda “Yagona darcha” axborot tizimini yaratish zarurligi qayd etildi.

Bunda, yuk tashish hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS o‘rnatish va onlayn ombor axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozim.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Endilikda “O‘TY"ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi.


Temir yo‘l kesishmalari xatlovdan o‘tkaziladi

Mutasaddilarga barcha temir yo‘l kesishmalarini xatlovdan o‘tkazish va tartibga solishga topshiriq berildi.

Belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqib, uning amalga oshirilishi yuzasidan prezidentga muntazam axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida soha uchun mas’ullarning axboroti va takliflari tinglandi.


Avvalroq prezident aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergandi.