Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga oid infografikani e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari avgust oyiga nisbatan 0,7%ga pasayib, 13,5%ni tashkil etdi.

Aholi narxlar o‘sishiga asosan valyuta kursining o‘zgarishi (65%), yoqilg‘i va energiya resurslarining (45%) hamda kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (36%) ta’sir qilishi mumkin deya baholagan.

Faktorlar orasida keyingi o‘rinlarda narxlarning sun’iy oshirilishi (33%) va bozorda monopoliyaning mavjudligi (32%) keltirilgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahrida aholi kutilmalari 15,2%, Surxondaryoda 14,9%ni tashkil etsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ri keladi — 11,6%.

O‘tgan oyda tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarida ham sezilarli pasayish kuzatilib, 14,2%ni tashkil etdi.

Biznes vakillari valyuta kursining o‘zgarishi (68%), yoqilg‘i va energiya resurslari (42%) hamda kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (31%) eng yuqori ta’sir qiluvchi omil deya baholagan.

Sentabr oyi yakuni bo‘yicha aholi tomonidan sezilgan inflyatsion daraja 13,3%ni tashkil etib, avgustga nisbatan 1,2%ga pasaydi.

Narxlari yuqori bo‘lgani qayd etilgan tovar va xizmatlarining eng yuqori uchligidan non va un (53%), go‘sht va sut (43%) hamda benzin va yoqilg‘i (34%) joy olgan.

Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya Toshkent shahri (14,8%) va Sirdaryo viloyati (13,8%)da sezilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Namanganga (11,6%) to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshilagandi. Rossiyadan pul o‘tkazmalarining kamayishi sabab joriy yilda iste’mol o‘sishi pasayadi. Shu bilan birga, import o‘sishining tezlashishi kutilmoqda.