Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqchi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov OTB vakillari bilan uchrashib, Yashil iqlim fondining “Elektromobillik dasturi"ni moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Dastur tijorat elektromobillarini ommalashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, 4ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash hamda uning barqarorligini ta’minlash, shuningdek, elektromobillarni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

Qayd etilishicha, loyiha yetti mamlakatda amalga oshirilishi belgilangan. Bu mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham bor.

Mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur dasturni moliyalashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan mablag‘ $170 mlnni tashkil etadi. Shundan $65 mlni grant, qolgan $105 mlni esa qarz mablag‘idan iborat.

2024-yilgacha mamlakatda qurib bitkazilgan savdo va bizes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, AYoQSH, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yida majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi belgilangan.

Avvalroq OTB O‘zbekistonda energiya taqsimlash tizimini raqamlashtirishga $200 mln yo‘naltirishi ma’lum bo‘lgandi. Fransiya taraqqiyot agentligi qisman OTB tomonidan boshqariladigan $75 mln qo‘shma moliyalashtirishni taqdim etadi.