Koreyaning “Hoca” kompaniyasi Andijon shahrida ofis ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha texnopark bosh direktori Farhod Ibragimov hamda Janubiy Koreya kompaniyasi bosh direktori Park Xyon Jun o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Toshkentda o‘tkazilgan “ICTweek” haftaligi doirasida “Hoca” kompaniyasi “IT Park” rezidenti bo‘lish va Andijon shahrida o‘z ofisini ochishini ma’lum qildi.

Birinchi yilda mahalliy mutaxassislarni jalb etish va 50dan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, kompaniya rahbari “Zero Risk” xizmatini olishga ham qiziqish bildirdi.

Hozirda kompaniya “IT Park” rezidentligi uchun ariza topshirdi. “IT Park” kompaniyaga Andijon va Toshkent viloyatida 11ta dasturchini topishda yordam berdi.

“Hoca” — Janubiy Koreyaning Seul shahrida joylashgan dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniya. Ayni paytda kompaniyada 35ta xodim ish bilan ta’minlangan va masofadan turib frilanser sifatida ishlaydigan 14ta o‘zbekistonlik bilan ishlab kelmoqda.

Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari moslashuvchan saytlar va veb-ilovalarni yaratish hamda IOS va Android platformalari uchun dasturlar ishlab chiqishdan iborat.

Oktabr oyi boshida Janubiy Koreyaning “School Foundation Sang Yoo” kompaniyasi Namanganda IT-akademiya tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Unda talabalar va o‘qituvchilarga dasturlash tizimlari bo‘yicha bilim berilib, uch yil Namanganda, bir yilni esa Koreyada tahsil olish imkoniyati yaratiladi.