“Alif Tech” IT kompaniyasi “Backend Development” va “Data Analytics” bo‘yicha dasturlash kurslarini ishga tushirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Unda OTM talabasi yoki bitiruvchisi, 16−25 yosh oralig‘idagi yoshlar hamda IT sohasiga qiziquvchilar ishtirok etishi mumkin.

Nomzodlar tanlov asosida tanlab olinadi. Bunda, birinchi navbatda ro‘yxatdan o‘tish shaklini to‘ldirish kerak. Undan muvaffaqiyatli o‘tganlar mantiq va matematika bo‘yicha test topshirishadi. Shuningdek, HR menejeri bilan suhbat o‘tkaziladi.

Bitta nomzod ikkita kurs uchun ham ariza jo‘natishi mumkin. Biroq, ikkita kursga ham qabul qilingan taqdirda ulardan birini tanlash kerak bo‘ladi. Yo‘nalishni tanlash imkoniyati ro‘yxatdan o‘tish shaklida mavjud.

Kurslar haftada 2 marta oflayn formatda rus tilida olib boriladi. Bitta dars davomiyligi — 1,5 soat. Har bir kurs 6ta moduldan iborat bo‘lib, Backend ishlab chiqish kursi 4 oy, ma’lumotlar tahlili bo‘yicha kurs esa 5 oy davom etadi.

Har bir modul davomida o‘quvchilarga mavzudan kelib chiqib ko‘nikmalar berib boriladi hamda yakunda amaliyot kutmoqda. Masalan, Backend PHP ishlab chiqish kursida individual loyiha asosida dasturni mustaqil ravishda ishlab chiqish va o‘rganganlarni amalda qo‘llash vazifasi beriladi.

Ma’lumotlar tahlilining yakuniy blogi esa jamoaviy vaziyat bo‘yicha chempionat formatida o‘tkazilib, bunda, haqiqiy biznes muammosini hal qilish va fikr-mulohaza hamda qo‘shimcha bonuslar olish uchun kompaniya menejerlariga yechimlarni taqdim etish imkoniyati beriladi.

“Backend Development” kursi o‘qituvchilari — Senior Backend dasturchi Oybek Rejametov hamda Backend dasturchi Sulton Qurbonov. “Data Analytics” kursi o‘qituvchisi — ma’lumotlar tahlilchisi Otabek Mamatqulov.

Kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan, eng yaxshi natijalarga erishgan bitiruvchilarga “Alif Tech” kompaniyasida ishlash imkoniyati beriladi.

Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun quyidagi kurslardan birini tanlab, ro‘yxatdan o‘tish kerak:

Kurslar joriy yilning 27-noyabridan boshlanadi. Batafsil ma’lumotlar bu yerda.


Avvalroq “Vention” biznes tahlili bo‘yicha amaliyot dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Unda ingliz va rus tillarini yaxshi bilgan, veb va mobil ilovalar bo‘yicha asosiy bilimga ega nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.