Respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) “One click” innovatsion loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda valyuta birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

“One click” — davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) REPO bozorida tuzilgan bitimlar bo‘yicha to‘lov hujjatlarini shakllantirish va yuborish jarayonini avtomatlashtiruvchi unikal tizim.

Ilgari, REPO bozorida bitimlar tuzilgandan so‘ng, har bir bitim bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish bir soatgacha davom etib, kamida 3 kishi ishtirok etgan. Savdo ishtirokchilari sotib olingan DQQ uchun pul mablag‘larini yuborishdan oldin ko‘plab hujjatlarni tayyorlashga to‘g‘ri kelgan.

“One click” tizimi ishga tushirilgach, jarayonlar soddalashtirildi. Bunda, DQQ xaridorining pul mablag‘lari avtomatik ravishda bankning vakillik hisobvarag‘idan yechib olinadi va O‘zRVB mutaxassislari tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, sotuvchining hisob raqamiga bir necha daqiqa ichida tushiriladi.

Bank tomonidan qarorlarni qabul qilish jarayoni osonlashib, bitimlar tuzish tezligi oshadi va pul o‘tkazishda xatolar xavfi kamayadi, deyiladi xabarda.

Joriy yilning birinchi choragida REPO bozorida 1,87 trln so‘mlik bitimlar tuzildi. To‘qqiz oyda bu ko‘rsatkich yarim yillikka nisbatan 24 barobar ko‘payib, 44,86 trln so‘mni tashkil etdi.

“One click” O‘zRVBning DQQ bozori infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihasining bir qismi hisoblanadi. Uning doirasida savdo ishtirokchilari uchun yangi savdo imkoniyatlarini, jumladan, birja platformasida standartlashtirilgan muddatlar kesimida REPO savatini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Tizimning ishga tushirilishi O‘zRVB bozorlarining jozibadorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Uning yordamida O‘zRVB platformasi savdolarida qatnashish yanada osonroq, tezroq va arzonroq bo‘lmoqda.

Joriy yilda Respublika valyuta birjasi “Bloomberg” bilan strategik bitim tuzdi. Hujjat bilan market-data va statistik ma’lumotlar translyatsiyasi amalga oshirilishi belgilangan.