O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy Xitoyga tabiiy gaz eksportini kamaytirdi, Bu haqda Xitoy bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Sentabr oyida mamlakatga O‘zbekiston gazining oylik yetkazib berish hajmi avgust oyiga nisbatan qariyb ikki baravar kamayib, $41,62 mlnni tashkil etdi. Iyul oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan gaz yetkazib berish 2,2 barobarga kamaydi.

Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga $412,19 mlnlik tabiiy gaz eksport qildi, bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichning yarmiga teng.

Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni Turkmaniston egallab turibdi. Mamlakat to‘qqiz oyda $7,41 mlrdlik gaz yetkazib bergan.

Undan keyingi o‘rinda Rossiya turibdi va o‘tgan to‘qqiz oyda mamlakat o‘z eksportini deyarli ikki barobarga — $4,98 mlrdga yetkazgan.

Shuningdek, keyingi o‘rinlarda Myanma ($1,21 mlrd) va Qozog‘iston ($949 mln) turibdi.

Avvalroq 2024-yilda O‘zbekiston va Rossiya 15 yilga gaz bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.