Joriy yil yakunigacha O‘zbekistonda 127,5 mingta oila kambag‘allikdan chiqariladi. Bu haqda Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov xabar berdi.

Qayd etilishcha, 1,2 mln kambag‘al oilalar ro‘yxati shakllantirilib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritilgan.

Mazkur platformaga hokim yordamchilari tomonidan har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar ishlab chiqilib, joylashtirilgan. Shuningdek, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha reglament tasdiqlandi.

Yil yakunigacha 127,5 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik darajasini 12%ga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

Joriy yilning iyul oyida mamlakatda kambag‘allik darajasi 14,1%ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilda 17%dan iborat edi. O‘zbekistonda kambag‘al oilalar soni 1,3 mlnni tashkil etib, hududlar kesimida eng past kambag‘allik darajasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida aholi bandligi hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Xususan, 2026-yilgacha kambag‘allikni 2 barobarga, 2030-yilgacha esa keskin qisqartirish, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 mln aholi daromadini oshirish hamda mehnat qobiliyatini ishga solish orqali 3 mln yoshlarni kambag‘allikdan chiqarish belgilanmoqda.

Har bir viloyatda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan bittadan jami 14ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

Kelasi yildan yordamga muhtoj aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiquvchi “ishonch telefoni” ishga tushiriladi.