Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlovchi qurilmalarni o‘rnatadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Laziz Qudratov Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi koordinatori Erdal Nalbant bilan uchrashib, raqamlashtirish, infratuzilma obyektlarini qurish va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhokama olib bordi.

Xususan, O‘zbekiston shaharlarida “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlashning avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarini o‘rnatish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.

albayrak holding, radar, turkiya, yo'l harakati

Tomonlar tizimni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish zarurligini qayd etishdi. Uchrashuvda loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, yangi kelishuvlar bo‘yicha ishlarni boshlash muddatlari belgilab olindi.

Albayrak Holding” 1952-yilda tashkil etilgan. Uning tarkibiga 127ta kompaniya kiradi va xodimlari soni 15 ming kishidan oshadi.

Xolding qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash, qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va logistika, mashinasozlik, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshiradi.

Oktabr oyi boshida O‘zbekistonda qoidabuzarliklarni aniqlovchi qurilmalar haydovchilarning avtomobillarni boshqarishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzishi kabi holatlarni aniqlashi haqida xabar berilgandi.