O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin.

Bu bo‘yicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida tegishli qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Xususan, ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mamlakat hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari ularni qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan.

Yig‘ilishida jazo choralari qat’iy belgilanganiga qaramay bu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib borayotgani qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan javobgarlikni kuchaytirish taklif qilinmoqda.

Loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining belgilangan sanksiyalariga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda mamlakat hududiga olib kirish fuqarolar tomonidan qonunchilik talablarini bilmaslik oqibatida ham sodir etilayotganiga e’tibor qaratdi.

Xususan, uzoq muddat xorijda yashab qaytgan fuqarolar yoki mamlakatga birinchi marotaba kirib kelayotgan chet elliklarning bunday moslamalarni olib kirishga taqiq borligidan xabari bo‘lmasligi ham huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Shundan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan me’yorlar aholiga tushunarli tarzda ifodalanishi va mas’ullar tomonidan tushuntirish ishlari kuchaytirilishi zarurligi qayd etildi. Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

“Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida ham mazkur qaror loyihasi muhokama qilindi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yuqoridagi harakatlarni sodir etganlik uchun 185−4-moddasi bilan to‘ldiriladi. Bunda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni davlat egaligiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244−4-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilishi belgilanmoqda.

O‘zbekistonda dronlardan foydalanish

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.

Yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.

Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.

Unga ko‘ra, dronlar parvozini bajarish vaqtida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparat operatorida ushbu apparatni uchishga tayyorlash va boshqarishga oid qo‘llanma bo‘lishi shart.


Avvalroq Rossiyaning '"Fly and See Agro" kompaniyasi O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.