Vengriya hukumati “Stipendium Hungaricum” grant dasturiga arizalar qabuli boshlanganini ma’lum qildi.

Unda butun dunyodan nomzodlar bakalavriatura, magistratura hamda PhD darajalari yoki ilmiy darajaga ega bo‘lmagan dasturlar uchun ishtirok etishlari mumkin.

Hozirda 2024−2025 o‘quv yili uchun hujjatlar qabul qilinmoqda. Ariza beruvchilar faqat Vengriya bilan hamkor mamlakat o‘rtasidagi belgilangan hamkorlik dasturlaridagi stipendiya turlari va ta’lim yo‘nalishlari uchun ariza topshirishlari kerak. O‘zbekiston uchun mavjud ta’lim yo‘nalishlari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Grant dasturi uchta daraja bo‘yicha to‘liq yoki qisman ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadi hamda barcha darajalar bo‘yicha asosan ingliz tilidagi dasturlar mavjud. Bundan tashqari, “Stendium Hungricum” stipendiya dasturi doirasida boshqa chet tillardagi dasturlar ham bor.

Shu bilan birga, talabalar bir yillik venger tiliga tayyorlov kursiga ham ariza topshirishlari mumkin va undan keyin venger tilidagi ta’lim dasturlariga qabul qilinadi.

Nomzodlar 2024-yilning 31-avgust holatiga 18 yoshdan oshgan bo‘lishlari, o‘z hisobidan Vengriyada tahsil olayotgan hamda oldin mazkur stipendiyadan foydalangan bo‘lmasliklari kerak.

Quyidagi hujjatlarni onlayn jo‘natish kerak:

  • onlayn ariza shakli;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • Ta’lim to‘g‘risidagi guvohnoma (maktabni tamomlaganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, o‘rta maktab diplomi, bitiruv hujjati yoki unga tenglashtirilgan hujjat, universitet yoki kollej diplomi) ingliz tilida (tarjima qilingan);
  • doimiy yashash joyini tasdiqlovchi hujjat;
  • CV;
  • motivatsion xat;
  • tibbiy guvohnoma.

Qabul qilingan talabalar o‘qish to‘lovlaridan ozod etilib, tibbiy sug‘urta (172 yevro) hamda sayohat xarajatlari qoplab beriladi. Bundan tashqari, talabalar bepul turar joy bilan ta’minlanadi yoki turar joy xarajatlari uchun oyiga 106 yevro miqdoridagi pul ajratiladi.

Bakalavriat, magistratura, bir bosqichli magistratura va nodavlat dasturlariga qabul qilingan talabalarga oyiga 115 yevro, PhD talabalarga esa ta’limning birinchi bosqichi uchun (4 semestr) oyiga 370 yevro va ikkinchi bosqichi (4 semestr) uchun 476 yevro miqdorida stipendiya ajratiladi.

Barcha darajalar uchun stipendiyalar o‘qish tugagunigacha 12 oy davomida muntazam berib boriladi. Shuni unutmaslik kerak, stipendiya miqdori barcha yashash xarajatlarini to‘liq qoplamaydi. Ariza topshirishdan oldin mamlakat hududida kutilayotgan yashash xarajatlarini tekshirish tavsiya etiladi (Quyida havola mavjud).

Arizalarni 2024-yilning 15-yanvarigacha havola orqali jo‘natish mumkin.

Natijalari kelasi yilning iyun oyida e’lon qilinib, talabalar sentabr oyidan Vengriyada darslarda ishtirok etishlari mumkin.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Foydali havolalar:

  • dastur haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qo‘llanma;
  • Vengriyada yashash xarajatlarini hisoblash;
  • hujjat topshirish mumkin bo‘lgan universitetlar ro‘yxati;
  • daraja yoki dastur uchun talab qilinadigan hujjatlar — cheklist;
  • bakalavriat, magistratura, bir bosqichli magistratura va nodavlat dasturlari qabul jarayoni haqida batafsil;
  • doktorantura dasturlari qabul jarayoni haqida batafsil.

Avvalroq Xitoyning Pekin texnologiya instituti CSC stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.