Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasi va 4R12 magistral yo‘li kesishuvida quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda bu ikki yo‘lda qatnov ortdi. Bo‘stonliq va Parkent tumanlariga borayotgan sayyohlar soni ham avvalgi yillarga qaraganda bir necha barobar ko‘paydi va oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, bu kesishma kelajakda Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy yo‘l bo‘ladi. Shulardan kelib chiqib, bu kesishmada transport bog‘lamasi qurish mo‘ljallangan.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1ta ko‘prik, 3ta tunnel, 4tadan aylanma va qo‘shimcha yo‘llar barpo etiladi. Natijada, mazkur yo‘l kesishuvi svetoforsiz “yashil chorraha” bo‘ladi.

Bu esa haydovchi va yo‘lovchilarning vaqti hozirgiga nisbatan 20−30 daqiqaga tejalishi va harakat xavfsizligi oshishini ta’minlashi qayd etildi.

Prezident, shuningdek, “Do‘stlik — Qo‘yliq” yerusti metrosi tagida qurilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Loyiha doirasida bu yerda 36ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sport va bolalar maydonchalari hamda avtoturargohlar barpo etiladi.

Mutasaddilarga bu yerda xavfsizlik choralari va nazoratini ta’minlash, Toshkentda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Avgust oyida prezident Qo‘yliqdan Sergeligacha qurilgan yerusti metrosi bilan tanishgandi. Ikkinchi bosqich doirasida 12 kilometr estakada yo‘l va 7 ta bekat barpo etilgan.