Rossiyaning “XimAgro” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi xabar berdi.

Bu bo‘yicha, savdo vakolatxonasi bilan kompaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha direktori Roman Yatsumira o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar kompaniyaning mamlakat bozoridagi istiqbollarini hamda Savdo missiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi.

“XimAgro” O‘zbekistonda o‘z savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hozir mamlakatda korxona ochish ustida ish olib borilmoqda.

Korxona bargdan oziqlantirishga mo‘ljallangan innovatsion o‘g‘itlar ishlab chiqaradi. Uchrashuvda korxonani ko‘rgazma va yarmarkalar doirasida taqdim etish zarurligi ta’kidlandi.

XimAgro” savdo uyi Sibir va Uzoq Sharq federal okruglarida mineral o‘g‘itlarning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Kompaniya 2013-yilda tashkil etilgan.

Avvalroq Rossiyaning “Shyolkovo agroxim” kompaniyasi O‘zbekistonda agrokimyo vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandi.

Ishlab chiqarish zavodi Samarqand viloyatidagi “Urgut” erkin iqtisodiy zona hududida joylashgan. Loyiha natijasida korxonada 100dan ortiq ish o‘rni yaratildi.