Xitoy kompaniyasi Andijonda 9ta gidroelektr stansiya qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbout xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Xitoyning “Zheijing Jinlum Elestromechanic” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda investorlar bilan viloyatning 9ta hududida GES qurish ishlarini boshlash bo‘yicha muzokara olib borildi.

Amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning umumiy qiymati $40 mlnni tashkil etadi. Uning natijasida, viloyatdagi qariyb 50 mingdan ortiq xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Uchrashuvda ushbu 9ta hududda qurilishi rejalashtirilgan GESlar loyihalari taqdimot qilindi.

Yil boshida mamlakatda 197 megavattli 7ta loyiha va 10ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingandi. Yana 438 megavattli 8ta istiqbolli loyiha va 50ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanishi belgilangandi.

2024-yilda esa yana 38ta kichik va mikro GES qurish reja qilingan. Bu borada Andijon viloyatida ishlar yaxshi boshlangani ko‘rsatib o‘tilgandi.