“O‘zenergoinspeksiya” ikki kun ichida Toshkent shahrida to‘rtta noqonuniy elektromobillarni quvvatlash qurilmalarini aniqladi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya tomonidan Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi elektromobillarni quvvatlash qurilmalarida texnik qoidalarga rioya qilinganligi bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Yakksaroy tumanidagi 4ta iste’molchi o‘rnatilgan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirmasdan quvvatlash nuqtalarini o‘rnatgan. Stansiyalar ko‘p qavatli uyning bosh taqsimlash shitiga elektr hisoblagichsiz ulangani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, “Elektr hisob” dasturiga kiritmasdan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Natijada, barcha iste’molchilar elektr tarmog‘idan ajratildi.

Ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta gaz zapravka 34,6 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani aniqlangandi.