O‘zbekiston va Kanada aviatsiya ma’muriyatlari yo‘lovchi tashish sohasida hamkorlik qilishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbout xizmati xabar berdi.

Ar-Riyodda o‘tkazilgan “ICAN-2023” tadbiri doirasida tomonlar ikki mamlakat aviakompaniyalari uchun birinchi va ikkinchi darajadagi “havo erkinligi"ni taqdim etishga kelishib oldi.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish huquqini beruvchi uchinchi va to‘rtinchi “havo erkinligi"ni o‘z ichiga olgan bitim loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bunda bitimni o‘rnatilgan tartibda imzolash jarayonini boshlash belgilangan.

2025-yildan boshlab, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Kanadaga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Bu bo‘yicha amalga oshirilgan kelishuv aviakompaniyaning mamlakatga parvozlarni amalga oshirishini ta’minlaydi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi turizm salohiyatini targ‘ib etish, xorijiy sayyohlarni O‘bekistonga jalb qilishda Kanadani mamlakat bilan bog‘lashga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Avvalroq “ICAN-2023” tadbiri doirasida O‘zbekiston va Bangladesh havo qatnovi bo‘yicha yangi shartnomani imzolagandi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi so‘nggi 16 yil davomida mamlakatga parvozlarni amalga oshirmagan.


“Centrum Air” Toshkentdan Goaga charter reyslarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi. Hindiston kurortiga birinchi reys dekabr oyi boshida amalga oshirilishi rejalashtirilgandi.