Argentinada yuqori inflyatsiya fonida 20 va 50 ming peso nominalidagi yangi banknotalar paydo bo‘ladi, dedi mamlakat prezidenti Xavyer Miley “La Nación” gazetasiga bergan intervyusida.
“Kupyuralar bilan mavzu qiynoqdir. Siz naqd pul bilan biror narsa to‘lashingiz kerak bo‘lsa, bir qop qog‘oz bilan borishingiz kerak”, dedi u.
Hozirda Argentinadagi eng katta banknot 2 ming peso hisoblanadi. U bilan ikki kilogrammdan kamroq shakar yoki guruch sotib olish mumkin.
Shu bilan birga, 2 minglik banknot kamdan-kam uchraydi, u nisbatan yaqinda chiqarila boshlandi. Odatda, 500 va 1000 pesolik kupyuralar muomalada bo‘ladi.
“Bu aniq”, dedi Miley, mamlakatda 20 ming va 50 ming pesolik banknotlar paydo bo‘ladimi, degan savolga javob berarkan.
Noyabr oyida Argentinada inflyatsiya 12,8%ni tashkil etdi, 11 oy ichida 148%dan oshdi. Noyabr oyidagi ko‘rsatkichlar inqirozga qarshi kurashish uchun hukumat tomonidan qabul qilingan yangi qat’iy choralarni aks ettirmaydi.
Ular 2023 yil dekabr va keyingi oylar uchun inflyatsiyada aks etadi. Dekabr oyida tahlilchilar inflyatsiya 30% dan oshishini kutmoqdalar.
Avvalroq “Spot” Argentinada Messining banknotalari paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Mamlakat rasmiylari 1000 pesolik banknotada futbolchi tasvirini qo‘yish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lum qilingandi.