Rossiyaning “Ural Airlines” aviakompaniyasi kelasi yil boshidan Yekaterinburgdan Farg‘onaga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi, deya xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.

Parvozlar 13-yanvardan haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Bundan tashqari, kompaniya Jukovskiy va Toshkent o‘rtasida har kuni parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.

Shuningdek, yanvar oyining o‘rtalaridan boshlab “Ural Airlines” aviakompaniyasi Moskvaning “Domodedovo” aeroportidan Qarshiga haftasiga uch marta, Namanganga esa ikki marta parvozlarni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, Yekaterinburgdan Toshkent, Samarqand va Namanganga parvozlar amalga oshiriladi.

Noyabr oyida “Ural Airlines” aviakompaniyasining O‘zbekistonga parvozlari taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, aviakompaniyaning samolyot sotib olish bilan bog‘liq muammolar tufayli aksariyat xorijiy yo‘nalishlarga parvoz qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lish ehtimoli mavjudligi ma’lum qilindi.

Keyinroq “TACC” nashri “Ural Airlines” 2023-yil oxiridan boshlab bir qator reyslarni, jumladan, O‘zbekistonga ham reyslarni tiklashi mumkinligi haqidaa xabar berdi.

2022-yilning noyabrida “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.

“Ural Airlines” Nijnevartovskdan Farg‘ona, Buxoro, Urganch, Navoiy, Namanganga qish mavsumi tugagunga qadar, Samarqandga esa yoz mavsumi oxirigacha haftasiga yettitagacha reysni amalga oshirishi qayd etilgandi.