Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2024−2025 yillar uchun elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
  • mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini joriy yilda 30,8 trln so‘mgacha va keyingi yilda 38 trln so‘mgacha oshirish;
  • mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda $1,5 mlrd, 2025-yilda esa $2 mlrd miqdorida ta’minlash.

Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024−2026 yillarda banklarga, buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5% stavkada $100 mln miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

Banklar, o‘z navbatida, kreditlarni tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7% stavkada (2%i bank marjasi) ajratadi.

2027-yilgacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80%idan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50%ga kamaytiriladi.

Joriy yilning 1-aprelidan davlat xaridlari doirasida xorijiy yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

  • 3ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda — 15%;
  • 2ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda — 12%;
  • 1ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda — 8%.

Bundan tashqari, 1-fevraldan O‘zbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta’minlaydigan mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bunda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadi.

Noyabr oyida prezident 2017-yildan buyon elektrotexnika sanoatida umumiy qiymati $640 mlnlik 224ta loyiha ishga tushirilganini ta’kidlagandi. Mamlakatga elektrotexnika mahsulotlari importi yiliga $800 mlnni tashkil etadi, mintaqaviy bozor esa $3 mlrdga baholanadi.

2024-yilda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida umumiy qiymati $2 mlrdlik 141ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. 2023-yilda elektrotexnikada $163 mlnlik korxona ishga tushgan. Elektrotexnika eksporti esa $1 mlrdga yetgan.

Avvalroq O‘zbekistonga import qilingan elektrotexnika mahsulotlari sertifikatlari qayta tekshirilishi haqida xabar berilgandi. Hukumat 2021−2022 yillarda Qozog‘istondan olib kelingan maishiy texnikalarni “shubhali” deb hisoblaydi.

Shuningdek, O‘zbekistonga maishiy texnika olib kirishda 10%lik antidemping bojlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, hukumatga kiritish topshirilgan.