Avvalroq elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan “Ohangaron Tech Industrial” texnoparki negizida “Eltech Industrial” texnoparki tashkil etilishi belgilanmoqda. Maqsad yangi turdagi yuqori texnologiyaga asoslangan elektrotexnika mahsulotlari va ularning butlovchi qismlarini o‘zlashtirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, “Ohangaron Tech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi" davlat unitar korxonasi “Eltech Industrial” texnoparkini boshqarish direksiyasi" davlat muassasasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Direksiyaga doimiy foydalanish huquqi asosida qo‘shimcha 214 gektar yer uchastkalarini ajratish orqali texnopark hududi kengaytiriladi.

Toshkent viloyati hokimligi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga ikki oy muddatda texnopark hududini kengaytirishga infratuzilmalar mavjud va o‘tkazish oson yer uchastkalari chegaralariga aniqlik kiritib, yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni hukumat komissiyasiga yoki Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasiga kiritish topshirildi.

Yer fondi toifasi o‘zgartirilishiga ko‘ra tegishli yer uchastkalari direksiyaga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Xorazm va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Urganch shahri “Al-Xorazmiy” majmuasi hududidan 4 gektar, Farg‘ona shahri “Eko shahar” hududidan 10 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini direksiyaga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berishi belgilangan.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan uch oy muddatda direksiya faoliyatini samarali tashkil etish va texnopark bosh rejasini ishlab chiqish maqsadida texnopark faoliyatini boshqarish uchun tajribaga ega xalqaro konsalting kompaniyasini tanlov asosida jalb qilib, uning moliyalashtirilishini ta’minlaydi.

Qaror bilan 1-fevraldan O‘zbekistonga elektortexnika mahsulotlarini olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadi. Rasmiy vakillarning servis xizmati bo‘lishi kerak hamda ular sifat, xavfsizlik va servis kafolatini ta’minlaydi.

Avvalroq O‘zbekistonga import qilingan elektrotexnika mahsulotlari sertifikatlari qayta tekshirilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, mamlakatda maishiy texnika importiga 10%lik antidemping bojlari joriy etilishi mumkin. O‘zbekistonda yagona transport-logistika operatorini yaratish taklif etilmoqda.