19-yanvar kuni prezident tomonidan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun imzolandi.

Hujjat bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini (IMEI) yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirish bo‘yicha javobgarlikni belgilovchi modda kiritildi.

Xususan, mazkur kodeksning 1553-moddasi bilan IMEI kodni ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, shuningdek bu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish BHMning 15 barobaridan (5,1 mln so‘m) 20 barobarigacha (6,8 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratish BHMning 20 barobarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda, yuqoridagi har ikki holatda huquqbuzarlik sodir etilgan qurilma musodara qilinadi. Mazkur o‘zgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.

2023-yilning fevralida Toshkent shahar IIBB O‘zbekistonda mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini (IMEI) ruxsatsiz o‘zgartirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli normalarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

Sentabrga kelib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekistonda IMEIni noqonuniy o‘zgartirish va nusxalashga javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqqandi.