2023-yilda O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 551,4 ming so‘mni tashkil etadi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 17,2%ga o‘sgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda kuzatilib, bu davrda o‘rtacha maosh 7,45 mln so‘m (18,7%)ni tashkil etdi.

Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy (5,8 mln so‘m) hamda Toshkent (4,5 mln so‘m) viloyatlari turibdi.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Namangan viloyatiga to‘g‘ri keladi — 3,3 mln so‘m. Bundan tashqari, past ko‘rsatkich Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida kuzatilgan.

Hududlar bo‘yicha korxona va tashkilot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi quyidagicha:


Hududlar
O‘rtacha oylik ish haqi
2022-yilga nisbatan o‘sish
1
Toshkent shahri
7 453 400 so‘m
18,7%
2
Navoiy viloyati
5 887 800 so‘m
15,1%
3
Toshkent viloyati
4 526 000 so‘m
14,5%
4
Andijon viloyati
3 982 700 so‘m
17,3%
5
Buxoro viloyati
3 883 900 so‘m
17%
6
Xorazm viloyati
3 759 300 so‘m
18%
7
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
3 779 800 so‘m
16,3%
8
Sirdaryo viloyati
3 629 200 so‘m
12,7%
9
Jizzax viloyati
3 471 700 so‘m
18,1%
10
Farg‘ona viloyati
3 444 900 so‘m
19,1%
11
Samarqand viloyati
3 408 400 so‘m
17,8%
12
Surxondaryo viloyati
3 379 600 so‘m
15,5%
13
Qashqadaryo viloyati
3 367 700 so‘m
14,5%
14
Namangan viloyati
3 310 600 so‘m
13,2%

Yanvar-sentabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 13,3 mln so‘m.

Undan keyingi o‘rinlarda esa axborot va aloqa sohasi (10,6 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohasi (6,9 mln so‘m) turibdi.

Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoatda 5,6 mln so‘mni, qurilishda 5,2 mln so‘mni hamda savdo sohasida 4,9 mln so‘mni tashkil etgan.

Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3,1mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.

Axborot va aloqa sohasi

Axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi dekabrda qayd etilgan — 12,6 mln so‘m.

Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha shakllangan:

  • dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 16,4 mln so‘m;
  • axborot xizmatini ko‘rsatish — 12,18 mln so‘m;
  • aloqa sohasi — 9,6 mln so‘m;
  • noshirlik faoliyati — 8,5 mln so‘m.

Axborot va aloqa sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkentga to‘g‘ri keladi va bu davrda o‘rtacha ish haqi 11,9 mln so‘mni tashkil etgan.

Undan keyingi o‘rinlarda 7,9 mln so‘m bilan Buxoro hamda 7,8 mln so‘m bilan Farg‘ona viloyatlari turibdi.

Moliya va sug‘urta sohasi

Mazkur iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatda qayd etilgan — 15,8 mln so‘m.

Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlarda (12,9 mln so‘m) kuzatilgan.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar

Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 7,3 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,7 mln so‘m.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limda o‘rtacha oylik ish haqi 3,2 mln so‘mni hamda texnika va professional ta’limda 3,2 mln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (5,07 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,6 mln so‘m) qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasining faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichi ham Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 3,6 mln so‘m. Shu jumladan, eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida (2,4 mln so‘m) kuzatilgan.

Avvalroq Markaziy bank tadqiqoti 2023-yilning sentabr oyi oxirida o‘rtacha ish haqi yil davomida 18%ga o‘sib, 4,4 mln so‘mni tashkil etganini ko‘rsatgandi.