Avvalroq “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Loyiha bilan Toshkent shahrida tirbandlikning oldini olish hamda jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Xususan, poytaxtda tirbandliklarning oldini olish va piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun “Aqlli boshqaruv” tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, transport oqimidan kelib chiqib, ayrim ko‘chalarda bir tomonlama harakatni tashkil etish, OTMlarda o‘qish vaqtlarini maqbullashtirish hisobiga tig‘iz vaqtlarda transportga bo‘lgan yuklamani kamaytirish belgilanmoqda.

Tig‘iz vaqtlarda katta hajmli va og‘ir vazinli yuk avtomobillarining harakatlanishi cheklanadi yoki tartibga solinadi, transport oqimi yuqori chorrahalarda esa svetoforlar fazalari qayta ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, 255ta chorraha va kesishmalarni muvofiqlashtirilgan svetofor boshqaruvi — “aqlli svetoforlar” tizimiga o‘tkaziladi. Kamida 10ta ko‘chada yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tashkil etiladi.

Shaharga kiruvchi asosiy avtomobil yo‘llarida vazn va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar yaratiladi. Mazkur vazifalar bo‘yicha fevral oyida tegishli dasturni ishlab chiqish belgilanmoqda.

Martgacha poytaxtda jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimini joriy etish qayd etilmoqda.

Avtobuslar harakati ustuvorligini va piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun uzunligi 29 km bo‘lgan 8ta asosiy transport koridorlarida (83ta chorraha va 41ta piyodalar o‘tish joyi) rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi.

Shahar atrofi hududlari jumladan, “Nazarbek” hududidan Chorsu va Paxtakor metro bekatigacha hamda “Uchqahramon” hududidan Yunusobod dehqon bozori va “Shahriston” metro bekatigacha alohida ekspress avtobus yo‘nalishlari tashkil qilinadi.

Shuningdek, Toshkent metropoliteni uchun 11ta yangi metro poyezdlari (44ta metro vagonlari) xarid qilinadi.

2023-yilning sentabrida davlat rahbari yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha “aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimlarini kengroq joriy qilish zarurligini bildirgandi.

Avvalroq prezident Toshkentda tirbandlik katta muammoga aylanib borayotgani qayd etdi. Ayrim ko‘chalarda ish kunlari o‘rtacha 7−9 ballik, ba’zan 10 ballik tirbandliklar kuzatilmoqda, ba’zilariga 2 karra ko‘p yuklama tushmoqda.

Hududlar markazida Yevro-5 standartiga mos kelmaydigan avtomobillar harakatini cheklash rejalashtirilmoqda. Toshkentda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport harakati tig‘iz vaqtlarda taqiqlanadi.