Avvalroq prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalaridagi ishlar va vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida tirbandlik katta muammoga aylanib borayotgani qayd etildi.

Ayrim ko‘chalarda ish kunlari o‘rtacha 7−9 ballik, ba’zan 10 ballik tirbandliklar kuzatilmoqda, ba’zilariga 2 karra ko‘p yuklama tushmoqda. Oqibatda kunning tig‘iz paytida manzilga borish uchun 2 barobar ko‘p vaqt sarflanmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligiga tizimli yondashgan holda tirbandliklar muammosi bo‘yicha takliflarni shakllantirish va prezidentga taqdimot qilish topshirildi.

“Shaharsozlik va yo‘l harakatiga mas’ul barcha bo‘g‘indagi rahbarlar „Shahar — piyodalar uchun“ degan shiorni o‘zining asosiy tamoyili qilib olishi shart. Bunda, jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishi, avtomobillar esa hashamatga aylanishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, poytaxtdagi drenaj tizimi yog‘ingarchilik davrida aholi e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shahar hokimligi oldiga drenaj tizimidagi eng muammoli nuqtalarda qurilish ishlarini yakunlash hamda 1-sentabrgacha poytaxt drenaj tizimi master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, o‘tgan yilda temir yo‘lda vagonlar parkini yangilash va yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha sezilarli natijaga erishilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ga vagon ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘lardan unumli foydalanib, 1,5 mingta yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Qo‘qon”, “Samarqand”, “Toshkent” vokzallari, “Andijon” va “Urganch” aeroportlari boshqaruvini xususiy sektorga berish masalasini o‘rganish topshirildi.

Shahrisabz, Sariosiyo va Qo‘qon aerodromlarida ta’mirlash ishlarini yakunlab, mahalliy aviatashuvlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Sariosiyo hamda Shahrisabz aeroportida fuqarolarni tashish faoliyati tiklanishi topshirilgandi. 2023-yilda Urganch, Buxoro hamda Namangan aeroportlarini xususiylashtirish ishlari boshlanishi belgilangandi.