Joriy yilning 1-iyulidan istalgan kommunal xizmatga yagona hisob-raqam orqali to‘lov qilish tizimi joriy etiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari"ga tayanib, “UzA” xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, korxona tomonidan elektr energiya iste’molchilariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilib, elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgan.

Qayd etilishcha, mazkur tizimni takomillashtirish maqsadida yagona billing tizimi ishlab chiqilmoqda. Tizim 2024-yilning 1-iyulidan to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, bu tizimning mobil ilovasi ham yaratiladi. U orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar tizimdan hududda yuzaga kelayotgan avariyaviy holatlar haqida ma’lumotlarni ham olib borishadi.

Avvalroq davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi. Buning uchun xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirilgan.