Endilikda tadbirkorlarga maktablardagi bo‘sh joylar o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun bepul beriladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy etiladi.

Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy ta’limga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, kasb to‘garaklari tashkil etiladi.

Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga beriladi.

Shu bilan birga, mazkur tadbirkorlarga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar ajratiladi. O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘quvchilarga esa malaka sertifikati beriladi.

“Maqsadimiz — maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin”, — dedi prezident.

Avvalroq xususiy maktablar tashkil etishga ajratilgan kreditlarning belgilangan qismi qoplab berilishi ma’lum qilingandi.

Binolarni yangidan qurgan yoki o‘z inshootida xususiy ta’limni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 5 yilgacha kommunal xarajatlarning 50%i qoplab beriladi.