Avvalroq prezident O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish strategiyasi hamda tegishli yo‘l xaritasi tasdiqlanadi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning ovqatlanish tartibini yaxshilash bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishda amalga oshiriladi.

Xususan, biofortifikatsiya asosida mikroelementlar bilan boyitilgan don, dukkakli, meva, sabzavot, shakarqamish va boshqa ekinlar navlarini tanlash rag‘batlantiriladi. Bug‘doy uni mikroelementlar va vitaminlar bilan ham boyitiladi.

Yog‘, tuz, shakarni kamaytirish va ko‘paytirish yo‘nalishi bo‘yicha ovqatlanish standartlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishni kamaytirish bo‘yicha diyetologlar tavsiyalari OAVda e’lon qilib boriladi.

Mutasaddilarga ovqatlanish korxonalari uchun meva va sabzavotlar ko‘p bo‘lgan sog‘lom menyular bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish topshirildi. Oshpazlar uchun sog‘lom taomlar tayyorlash bo‘yicha kurslar tashkil etiladi.

Yil oxirigacha bolalar bog‘chalari, maktablar, texnikumlar, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida yuqori darajada gazlangan, shirin va energetik ichimliklar, hamda yuqori darajada tuzlangan qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni cheklashni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari ustidan nazorat tartibga solinib, buning uchun oziq-ovqat xavfsizligi inspeksiyasi tashkil etish topshirildi.

Oziq-ovqat mahsulotlarida genetik modifikatsiyalangan organizmlar, trans yog‘lar va texnik palma yog‘laridan foydalanishni qonun bilan taqiqlash rejalashtirilgan.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi “Aholi salomatligi — 2030” strategiyasi loyihasini taqdim etgandi. Unda ta’lim muassasalarida iste’mol qilish tavsiya etilmagan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tuzish hamda bolalar uchun zararli oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilishni cheklash taklif qilingan.