Rossiya banki “QIWI Bank"dan bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziyani bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda regulyator saytida xabar berilgan.

Unga ko‘ra, “QIWI Bank” bank sektori va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini muntazam ravishda buzgan.

O‘tgan yil davomida Rossiya Markaziy banki bankka besh marotaba sanksiyalarni qo‘lladi, jumladan, ikki marta muayyan operatsiyalarni bajarishni chekladi.

Regulyator “banklar „QIWI“ hamyonlarini jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib, ularning xabarisiz ochgan ko‘plab holatlarni” e’lon qildi. Ularni yaratish va ular ustida ishlash “fuqarolar uchun katta xavf tug‘dirdi”.

Bundan tashqari, bank “yuqori xavfli operatsiyalarda” ishtirok etishda — kripto almashinuvchilari, bukmekerlar, onlayn kazinolar va boshqa yashirin bizneslar foydasiga pul o‘tkazishda ayblangan. Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, tashkilot cheklovlarni chetlab o‘tish yo‘llarini faol izlagan.

Bankning vaqtinchalik ma’muriyati vazifasi Omonatlarni sug‘urtalash agentligiga yuklandi. Shuningdek, u investorlarga o‘z hisobvaraqlaridan mablag‘larni qaytarish uchun javobgar bo‘ladi (1,4 mln rublgacha 100% qoldiq).

Rossiya Bankining e’lonidan so‘ng, “QIWI” hamyonlardan mablag‘larni to‘ldirish va olib qo‘yishni taqiqladi. Shuningdek, bank operatori hisoblangan hamda 500 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatish muqtalariga ega “Contact” to‘lov tizimi to‘xtatilgani ma’lum qilindi.

“QIWI Bank” 2023-yil boshidan buyon litsenziyasini yo‘qotgan Rossiyadagi birinchi kredit tashkiloti bo‘ldi. O‘tgan yil davomida birinchi marta birorta ham hujjat bekor qilinmadi, 2022-yilda esa faqat ikkita bank litsenziyasidan mahrum bo‘ldi, deya ta’kidlaydi “TASS”.

O‘tgan yilning iyulidan “QIWI” Rossiya Markaziy bankining ko‘rsatmalariga asosan, hisobvaraqlardan to‘lovlarni saqlagan holda, naqd pul olish va boshqa banklarga mablag‘larni chiqarishni chekladi. Dekabrda kompaniya “QIWI Uzbekistan” ilovasi faoliyatini to‘xtatdi.