Samarqand va Andijon viloyatlarida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” xabar berdi.

Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Furqat” MFY hududida faoliyat yurituvchi “N.P.” oilaviy korxonasi rahbari I.E. tomonidan gaz tarmog‘i qonunga xilof ulangani ma’lum bo‘ldi.

Tadbirkor umumiy ovqatlanish shoxobchasi va novvoyxonada hujjatlarsiz umumiy foydalanishdagi tarmoqdan gaz hisoblagichdan tashqari tijorat maqsadida quvur tortib foydalangan. Natijada, jami 897,5 mln so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagan.

Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “G.N.” va “M.G.” MChJ mas’ul shaxslari tomonidan hech qanday hujjatlarsiz elektr tarmog‘iga ulangani aniqlandi.

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sexi hamda umumiy ovqatlanish shoxobchasi tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘g‘rilik yo‘li bilan ulangani natijasida jami 164,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Yanvarda 94 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-taroj qilindi. Huquqbuzarliklar bo‘yicha 937ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.

Fevralda Toshkent viloyatidagi metan “zapravka” 37,53 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani aniqlandi.