Avvalroq “UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari narxlarini oshirishi hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini ma’lum qilgandi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

“Kompaniya xabaridagi asosiy maqsad mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni nazarda tutuvchi dilerlar bilan o‘zaro hamkorlikning yangi tizimiga o‘tganligini e’lon qilish edi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya hozirda kontraktatsiya jarayonlari olib borilmayotganligidan kelib chiqib, Chevrolet.uz saytida ko‘rsatilgan narxlar 2024-yilning 4-choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqilganini bildirdi.

Narxlarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Talab yuqoriligi hisobiga “Damas”, “Labo” va “Chevrolet Cobalt” ishlab chiqarish hajmini oshirish belgilangan.

Oldingi shartnoma paytida kechiktirilgan to‘lovlar hisobiga qo‘shimcha avtomobillarni taklif qilish belgilangan. Kontraktatsiya vaqti keyinroq e’lon qilinadi.

Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxi 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro standartlar asosida avtomobillar sotuv tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Tizim dilerliklarga keyinchalik sotish uchun avtomobillarni xarid qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, dilerliklarga avtomobil uchun tavsiya etilgan chakana qiymat belgilanadi.

Kompaniya 25−27 dekabr kunlari “Cobalt”, “Damas” va “Labo” ommabop avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani amalga oshirdi. Natijada, jami 171 200dan ortiq kontrakt tuzildi.

Bundan tashqari, kompaniya shartnomalar savdosi kuzatilgani sabab, bu boradagi kelishuvlar bo‘yicha ogohlikka chaqirdi.

2023-yilning avgustida “UzAuto Motors” olibsotarlarga qarshi kurashish uchun bir kishi yiliga bir xil modeldagi ikkitadan ortiq avtomobil sotib olsa, xaridorga yetkazib berish muddatini 120 kungacha oshirishini ma’lum qilgandi. Bunda har bir keyingi avtomobil navbatning oxiriga ko‘chiriladi.

Dekabr oyi oxirida hukumat yangi avtomobillarni bir kishiga sotishni cheklashga qaratilgan qarorni qabul qilgandi. Ichki bozordagi talabdan kelib chiqib avtomobil sotuvchisi bir kishi bilan yiliga ikkitadan ortiq shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘ladi.

Fevralga kelib, O‘zbekistonda bir yilda ikkitadan ortiq avtomobil sotgan jismoniy shaxslarni deklaratsiyalash tizimi joriy etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.