Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati tizim faoliyati vaqtincha cheklanishini ma’lum qildi.

Xususan, joriy yilning 21-martidan 24-martigacha my.gov.uz portali server qurilmalarini Raqamli hukumat markazining Ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga ko‘chirish bo‘yicha tashkiliy-texnik ishlar amalga oshiriladi.

Shundan kelib chiqib, portal va uning xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan modullar, xususan, DXMlar tomonidan xizmat ko‘rsatishda foydalaniladigan dxa.gov.uz axborot tizimi faoliyati cheklanadi.

Qo‘shimcha savollar bo‘yicha 1242 raqamiga murojaat qilish mumkin.

2023-yilning sentabrida Shavkat Mirziyoyev elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Mamlakatni BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kiritish vazifasi qo‘yildi.

Undan keyin, tashkilotning mazkur hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Joriy yilning 1-iyunidan qoida tarzida yangi raqamli xizmatlar va servislar birinchi navbatda Yagona portalning mobil ilovasida joriy etiladi.

Avvalroq pedagoglar uchun kasbiy sertifikatni onlayn olish imkoniyati yaratilgandi. Xizmatdan birinchi marta ishtirok etuvchilar bepul ariza jo‘natishlari mumkin.