Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida barpo etilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi.

Mazkur arena shahardagi tennis korti binosi o‘rnida tashkil etilib, 1 200 tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy zal yangi holatga keltirildi.

Bu yerda 12ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.

Arena universal bo‘lib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo‘yicha xalqaro musobaqalarni, “Besh tashabbus” tadbirlarini o‘tkazish mumkin.

Majmua tarkibidagi IT-akademiyada yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi.

Sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar haqida so‘z yuritdi. Jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar g‘oliblari bilan do‘stlik musobaqalari o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, professional sportga yo‘naltirishga ko‘rsatmalar berildi.

2022-yilning noyabrida prezident qarori bilan mamlakatda kibersport rasman alohida sport turi sifatida qabul qilingan. 2023-yilning aprel oyida mazkur qaror asosida umumiy sovrin jamg‘armasi 332 mln so‘m bo‘lgan “Uzbekistan Esports Championship” turniri tashkil etildi.

Joriy yil boshida qabul qilingan hukumat qarori bilan “IT Park” rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritilib, rezidentlarga kibersport sohasida ham xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi.