Rossiyaning “Wildberries” marketpleysi o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlarni joriy etish maqsadida bank ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 13-aprel kuni “Wildberries” kompaniyasining mamlakatdagi GR-direktori Sardor Kadirov “Spot"ga ma’lum qildi.

Shu kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Wildberries” asoschisi va bosh direktori Tatyana Bakalchuk kompaniya fintexni rivojlantirish uchun Rossiyada bank litsenziyasini olganini ma’lum qildi. Biroq, marketpleys mavjud bo‘lgan har bir mamlakatning o‘z yechimi bo‘lishi kerak, deya ta’kidladi u.

“Shuni aytmoqchimanki, „WB Travel“ O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Va nihoyat, biz „WB Travel“ uchun O‘zbekiston to‘lov tizimlaridan foydalangan holda to‘lovni amalga oshirish imkoniyatini yaratdik, shu sabab ham, menimcha, endilikda bu nafaqat O‘zbekistonga, balki biz faoliyat yuritayotgan boshqa MDH mamlakatlariga ham tegishli, bu loyihani Rossiyadan tashqarida ham kengaytirdik”, — dedi tadbirkor.

11-aprel kuni “Wildberries” Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun “WB Travel” xizmati ishga tushirilishini e’lon qildi. Aviachiptalar yoki sayohat xizmatlari uchun to‘lov mahalliy bank kartalari yordamida amalga oshirilishi mumkin.

“Wildberries” kompaniyasining O‘zbekistondagi GR-direktori Sardor Kadirov “Spot"ga bergan izohida “WB Travel” barcha mahalliy to‘lov tizimlari bilan ishlayotganiga aniqlik kiritdi.

“Biz birgina davlatimiz [Rossiya] bilan cheklanib qolmaganmiz. Yaratayotgan barcha loyihalarimiz transmilliy bo‘lishini va har bir mamlakatga yetib borishini istardik. Bizda u yoki bu davlat tadbirkorlarini yoki xaridorlarini qandaydir tarzda cheklash maqsadimiz yo‘q”, — deya xulosa qildi Bakalchuk.

Shuningdek, “Wildberries” asoschisi kompaniyaning Rossiyada faoliyat yuritayotgan barcha fintex dasturlari O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilganini ta’kidladi.

Avvalroq “Wildberries” O‘zbekistonda yangi qabul qilish punktlari ochilishi uchun subsidiyalar bera boshlagani haqida xabar berilgandi.