Toshkent viloyatidagi ayrim yaroqsiz holatdagi obyektlar buziladi. Bu bo‘yicha 17-aprel kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori qabul qilindi.

Ayrim yaroqsiz holatdagi binolarni buzish zarurati ijtimoiy soha obyektlarida rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotganligi sabab yuzaga kelganligi qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, viloyatning uchta tumanidagi foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan quyidagi binolari buziladi:

  • Zangiota tumani “Asil” MFY hududidagi 27- sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1 qavatli qo‘shimcha bino-inshootlari;
  • Bo‘ka tumani “O‘zbek” MFY hududidagi 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 3 ta 1 qavatli bino-inshootlari;
  • Toshkent tumani “Chig‘atoy” MFY hududidagi 18-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 1 qavatli bino-inshootlari.

Mazkur bino-inshootlarning poydevori g‘ishtdan bo‘lganligi sabab, asosiy yuk ko‘taruvchi konsruksiyalari ularni 2 qavatli qilib qurish imkonini bermaydi hamda xulosalarga asosan bino-inshootlarning asosiy yuk ko‘taruvchi konsruksiyalarini kuchaytirish katta mablag‘ talab etadi.

Mazkur bino-inshootlarni viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining xulosalariga asosan belgilangan tartibda buzishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, buzish natijasida yaroqli deb topilgan qurilish materiallarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, yer maydonidan kelgusida samarali foydalanish choralarini ko‘rish belgilandi.

Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar hokimligi noqonuniy qurilma va inshootlarni demontaj qilishning navbatdagi to‘lqinini boshladi. Aholiga to‘sqinlik qilayotgan umumiy ovqatlanish shaxobchalari va ruxsat etilmagan panjaralar demontaj qilindi. Jumladan, MIB Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan “Giotto” yozgi “terrasa"sini buzishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq poytaxtda noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari davom etayotgani haqida xabar berilgandi. Mirobod ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavati, ko‘cha yuzidagi ovqatlanish hamda savdo shoxobchalarida noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.