Sirdaryo viloyati “Hyundai” avtomobillari ishlab chiqariladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Asaka Motors International” kompaniyasi Janubiy Koreyaning “Hyundai Motor Company” kompaniyasi bilan kelishuvga erishdi.

Unga ko‘ra, viloyatning Sirdaryo tumanidagi avtomobil zavodida “Hyundai” brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda “Elantra”, “Tusson”, “Sonata”, “Santa Fe”, “Palisade” va “Staria” modellarini yirik blokli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Amalga oshirish jadvaliga muvofiq, mazkur bosqichning boshlanishi joriy yilning may oyiga rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tomonlar yil yakunigacha kavsharlash, bo‘yash va yig‘ish texnologik jarayonlari bo‘yicha ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan ishlarni yakunlashga kelishishdi.

Ushbu bosqich doirasida avtokomponentlar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, jumladan, viloyat hududida butlovchi detallar ishlab chiqarish bo‘yicha klaster qurish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, klasterning zavod yaqinida joylashishi butlovchi detallar logistikasi bilan bog‘liq xarajatlar va vaqtni qisqartiradi.

2023-yilning may oyida Sirdaryo shahrida “Exeed” avtomobil zavodi ochilgandi.

Avvalroq “ADM Jizzakh” 2026-yildan gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Keyingi uch yil ichida avtomobil zavodi jami $550 mln miqdorida sarmoya kiritadi.

Joriy yilgi davlat dasturida dekabrgacha “ADM Jizzakh” korxonasi negizida Janubiy Koreyaning “KІA” brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish belgilangandi.