“UzAuto Motors” kompaniyasi 21-may kuni “Chevrolet Lacetti” avtomobili uchun kontraktatsiyani ochdi.

Bu haqida oldindan xabar berilmaganiga qaramay, soat 10:15 holatiga “Lacetti” uchun 3 200ta shartnoma tuzilgan.

Undan keyin esa mazkur avtomobil uchun tuzilgan shartnomalar hajmi 3600taga yetdi.

Shartnomalarning 99.7%i “One ID” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va 1ta dan ko‘p bo‘lmagan avtomobil uchun shartnoma tuzgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keladi.

20-may kuni “UzAuto Motors” avvalgi avtomobillar xaridi uchun to‘lov qilinmagan shartnomalar qayta kontraktatsiyaga chiqarilishini eslatdi. Biroq, unda “Lacetti” uchun shartnoma berilishi haqida gap bormagan.

Kompaniya matbuot xizmati to‘lov qilinmagan shartnomalar muntazam qayta kontraktatsiyaga chiqarilgani uchun ularning vaqti va qaysi avtomobillarga shartnoma ochilishi haqida xabar berilmasligini “Spot"ga ma’lum qildi.

Bundan oldin, 8-may kuni soat 4 500 dona “Lacetti” uchun onlayn shartnoma berish ochilgandi. Bir soatga yetmay ajratilgan hajm uchun shartnomalar to‘liq tuzib bo‘lindi.

Mart oyida kompaniya o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan kontraktatsiyada to‘lovlari kechiktirilgan shartnomalar uchun qo‘shimcha avtomobillar sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Oy oxirida “Labo” uchun, aprelda esa “Damas” uchun kontraktatsiya ochildi.