Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sohadagi yangi loyihalar uchun $100 mln arzon resurs ajratildi. Bundan tashqari, “Asakabank” tomonidan $200 mln jalb qilindi.

Natijada o‘tgan 4 oyda $30,5 mlnlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160ta ish o‘rni yaratildi. 1,5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, $51 mlnlik eksport qilingan.

Bu yil $400 mlnlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni $200 mlnga yetkazish rejalashtirilgan. $2 mlrdlik 147ta loyiha boshlanib, shundan 28tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish mo‘ljallangan.

Davlat rahbari mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi. Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65%ga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali narxni kamida 20%ga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirib, $470 mlnlik 12ta loyihani ishga tushirish choralari ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika sohasiga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham axborot berildi.

O‘tgan yilda farmatsevti sanoatida $87 mlnlik 57ta korxona ishga tushdi. Shunga qaramay ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish 18%ga ham yetmaydi.

Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Prezident farmoni bilan dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi.