“Uzcard” to‘lov tizimi operatori Yagona umumrespublika protsessing markazi aksiyalarining boshlang‘ich emissiyasi o‘tkazildi.

Qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi 23-may kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligida ro‘yxatga olingan.

Kompaniya bir yarim oy avval, 9-aprel kuni aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Qayta tashkil etilgandan so‘ng “Uzcard o‘z foydalanuvchilariga yanada yaqinlashadi”, deyiladi xabarda.

To‘lov tizimi saytida moliyaviy hisobotlar, xodimlar va boshqaruv tog‘risidagi ma’lumotlar hamda ustav va rivojlanish strategiyasi e’lon qilinadi.

Prezidentning 2023-yil noyabrdagi qaroriga ko‘ra, 1-iyuldan O‘zbekistonda barcha to‘lov tashkilotlari va xizmatlari aksiyadorlik jamiyatlari shaklida faoliyat yuritishi kerak. To‘lov tizimlarining eng kam ustav kapitali esa 50 mlrd so‘mgacha oshirildi.

Bu bo‘yicha bir qancha kompaniyalar allaqachon aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Xususan, 1-fevral kuni “Click” bu haqda xabar berdi, 20-fevralda “Oson” xizmatining operatori “Brio Group” qayta tashkil etish yakunlanganini ma’lum qildi.

13-may kuni “Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi Milliy banklararo protsessing markazi ham AJ sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Davaktiv agentligi aksiyalarning birlamchi chiqarilishini amalga oshiradi.

2022-yilning sentabrida Kamron Akbarov, Timur Azadov, Obid Agzamxodjayev, Mansur Usmanovlar YUPMdagi davlat ulushini sotib olishdi. Yangi ta’sischilar “Uzcard” kompaniyasi operatori uchun 210,1 mlrd so‘m to‘lashdi.

Keyinchalik Agzamxodjayev, Azadov va Usmonovlar ta’sischiligini tark etishdi. 2023-yilning sentabrida ularning aksiyalari “IMC-Capital"ga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.