Jahon banki O‘zbekistonda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga yordam beradi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Xalqaro moliya tashkiloti ijrochi direktorlar kengashi $100 mln miqdorida imtiyozli kreditni tasdiqladi. Mablag‘lar mamlakatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiylashuvini ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Loyiha maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Qo‘shimcha ravishda loyiha bank qoshidagi ko‘p tomonlama donorlik trast jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan $2 mlnlik grant vositasida moliyalashtiriladi. Bu mablag‘lar mahalliy jamoalar darajasida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta’sirini baholash va sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanellining qayd etishicha, loyiha mamlakatda “g‘amxo‘rlik iqtisodiyoti” sektorining huquqiy va institutsional asoslarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

“Minglab odamlar, jumladan, keksa fuqarolar, nogironligi bor shaxslar, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun haligacha mavjud bo‘lmagan zarur ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi u.

Loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan turli davlat organlari, nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan amalga oshiriladi.

Uning natijasida mahallalar darajasida faoliyat yuritadigan 50dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi. Xizmatlar eng muhtoj qatlamlarga qaratiladi.

50 mingdan ortiq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, keksalar, nogironligi bo‘lganlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari negizida sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaxshilanadi.

Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarini tashkil etish ijtimoiy himoya organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga bo‘lgan talabni kamaytirishi va xususiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar bozorini rivojlantirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.

1200 nafar nogironligi bo‘lganlarning kasbiy mahoratini oshirish va ish bilan ta’minlash, ulardan kamida yarmini 15−24 yoshli yoshlar tashkil qilishi belgilangan.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va ular bilan bog‘liq oqibatlarga javob choralari ko‘rish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan ushbu dastur qishloq joylaridagi 100 mingta ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qamrab oladi.

Avvalroq Jahon banki ishtirokidagi Raqamli inklyuzivlik loyihasiga start berilgandi. O‘tgan yilning noyabrida bank loyihani amalga oshirishga $50 mln imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagan.

Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilmoqda. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi.