2023-yilning 1-oktabridan hozirgacha AQSh-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tgangan o‘zbekistonliklar soni 3 mingga yetdi. Bu haqda AQSh bojxona va chegara qo‘riqlash xizmatiga tayanib, “Fox News” xabar berdi.

Bu davrda mamlakat chegarasini 60 mingdan ortiq noqonuniy migrantlar kesib o‘tgan bo‘lib, shundan 30 ming nafarini xitoyliklar tashkil etadi.

Janubiy Kaliforniya chegarasida shuningdek, Hindistondan 8900 nafar, Turkiyadan esa 7800 nafar muhojir qo‘lga olingan.

Amerika chegarasini noqonuniy kesgan O‘zbekiston fuqarolari soni esa 2900 nafarni tashkil etgan.

1-oktabrdan buyon Mavritaniya (4400), Vetnam (3 ming) va Gvineyadan (5600) ham noqonuniy migrantlar ushlangan.

Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmaydi. Noqonuniy kirayotganlar Amerikaga qo‘yib yuborilmasdan, immigratsiya masalalari hal qilingungacha hibsda saqlanadi.

Chegarani noqonuniy kesib o‘tganlar mamlakatga kamida 5 yilgacha qonuniy qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a’zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin.

2023-yilning dekabrida ham AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. Joriy yilning martida yana 74 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi.

Amerika elchixonasi mamlakatga tashrif buyurishni xohlovchilarni xavfsiz va ishonchli marshrutlardan foydalanishga chaqirdi.