Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozori kengayishiga esa joy yo‘qligi, muntazam tirbandliklar kuzatilishi qayd etildi. Uni yangi konsepsiya asosida yuqoriga “o‘stirish”, savdo o‘rinlari va qulayliklarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida bozorning asl ko‘rinishi saqlab qolinadi va hozirgisi o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Bu binolarning yerosti qismida mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi.
Shuningdek, loyiha natijasida jami 4−5 mingta ish o‘rni yaratiladi. Mutasaddilarga bular sababli bozor faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaslik, qurilishni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bundan tashqari, poytaxtdagi Abdulla Qodiriy bog‘i obodonlashtiriladi. Relefdan to‘g‘ri foydalanib, yashil hududlar ko‘paytiriladi. Sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy quriladi. Sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xol tashkil etiladi. Davlat rahbari bog‘da sharoitlarni yaxshilash va an’analarni aks ettirish zarurligini ta’kidladi.
“Do‘stlik” bog‘i ham yangilanadi. Bu yerda sayr yo‘laklari, suv havzalari, dam olish joylari ta’mirlanib, o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Oilaviy ko‘ngilochar maskan va bolalar ijod markazi tashkil qilinadi. Yoshlar uchun skeyt maydonchasi, daraxtlar bilan uyg‘un aviariy hamda tomosha charxpalagi quriladi.
Shu yerda joylashgan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining ortidagi maydonda milliy madaniyat markazlarining pavilonlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ular har bir millatning uyi shaklida bo‘lib, madaniyat va an’analarni ifodalaydi.
“Navro‘z” bog‘ida tashrif buyuruvchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida mehmonxona, yopiq sport maydonchasi, restoran, konferensiya zali bunyod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Nurafshon va Namangandagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari yonida turizm markazlari tashkil qilinadi. Ularda Sharq bozori, hunarmandchilik joylari, amfiteatr, favvora va boshqa qurilmalar bo‘ladi. Daraxtlar ekilib, yashil hudud kengaytiriladi.
Davlat rahbari loyihalarni sifatli qilish, bog‘larda aholi va turistlar uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Joriy yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida “Aloqabank” boshqaruvi raisi Kammuna Irisbekova Yunusobod dehqon bozorini yer ostiga ikki qavat, yer ustiga olti qavat qilib qurishga xorijlik investorlar $40 mln sarmoya kiritib, 2500ta ish o‘rni yaratish taklifini bergandi.
Noyabr oyida Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Undan keyin bozor bino-inshootlari bilan auksionga qo‘yildi.