Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahrida amalga oshirilishi belgilanayotgan loyihalar qatorida Abdulla Qodiriy bog‘ini obodonlashtirish ham bor.

Rossiyalik loyihachi Irina Latvinova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aholi talablari asosida bog‘ni rekonstruksiya qilish konsepsiyasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, bog‘ni rekonstruksiya qilish orqali Chorsi bozori kabi sayyohlar gavjum nuqtaga aylantirish kutilmoqda. Bu yerda yashillik olamini asrash uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatiladi.

“Kuzatuv minorasi hududdagi diqqatga sazovor obyektlardan biri bo‘ladi. Bu umumiy qiyofani o‘zgartirmaydigan nafis konstruksiya bo‘lib, qush parvozi balandligidan shaharning bor go‘zalligini ko‘rish mumkin. Hazrati Imom majmuasining moviy gumbazlari, Chorsu bozori va shaharning an’anaviy qismini kuzatish uchun ham juda jozibali”, — dedi Irina Latvinova.

Loyihada metro vestibyuliga chiqishga e’tibor qaratilgan. Yo‘lovchi oqimining yuqoriligi uchun metrodan chiqishda foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida alohida maydon tashkil qilinadi.

Shu bilan birga, metroga kirish eshigi oldida milliy taomlarga bag‘ishlangan gastro-xoll tashkil qilinadi. U yerda turli taomlardan ta’tib ko‘rish va mahorat darslarini o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy xiyobonni obodonlashtirish jarayonida bolalar uchun ko‘ngilochar ayvonlar, favvoralar paydo bo‘ladi. Favvora havzasi yangi shaklda qayta tiklanadi. O‘tish joylarida foydalanuvchilar qulayligi uchun suv kanallari panjaralar ostiga yashirilib, ba’zi nuqtalarda o‘z joyida qoladi.

“Relefning pasayishiga kelsak, bu bog‘ning asosiy jihati. Chunki u yerda avvaldan tabiiy kuzatish maydonchasi mavjud. Biz bu yechimni takomillashtirdik va osma ko‘prikni birlashtirdik”, — dedi Irina Latvinova.

Uning ta’kidlashicha, bu yer tomosha maydoni va fotosurat olish manzili bo‘lishi bilan birga, amfiteatr sifatida ham faoliyat yuritadi. Unda sahnaga qaragan qiya zinapoyalar bo‘ladi.

Avvalroq Toshkentdagi Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra, jarayonda Chorsu mehmonxonasi binosini demontaj qilish rejalashtirilgan.