Samarqandda noqonuniy mayning faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Qaraquyli” mahallasida joylashgan “M.G.M” oilaviy korxona rahbari X.Yo. korxonaga qarashli binoning yer to‘lasida mayning qurilmalarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 1,8 mlrd so‘mlik 2 mln kVt soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Mazkur holatlar yuzasidan X.Yo.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Avvalroq Samarqandda mayning ferma $2,2 mlnlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.

Oilaviy korxona binosining yon qismidagi yerto‘lada joylashgan 89ta qurilma orqali elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Oktabr oyi boshida ham Samarqandda 55ta qurilmadan iborat noqonuniy mayning ferma aniqlangandi. Noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qiymati 5,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Navoiy shahrida bu kabi qurilmadan qonunga qarshi ravishda foydalanish natijasida 106,5 mln so‘m, Yuqori Chirchiq tumanida esa 139,9 mln so‘mlik elektr talon-toroj qilingan.

Avvalroq Toshkentda energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga qarshi reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.