Eng yirik xomashyo ishlab chiqaruvchi Kot-d'Ivuardagi yomon hosildan xavotirlar tufayli kakao loviyalarining narxi tarixiy rekordga yetdi. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
18-dekabr kuni Nyu-York tovar birjasining savdolarida kakao loviyasi uchun fyucherslar 3,9%ga oshdi va tarixda birinchi marta tonnasi uchun $12,2 mingga yetdi. Keyinchalik o‘sish sekinlashdi va narx biroz pasaydi.
O‘sishning asosiy sababi Kot-d'Ivuarda hosilning pasayishi kutilayotgani aytiladi. Dunyoda xomashyo ishlab chiqarishning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Afrika mamlakatiga to‘g‘ri keladi.
Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, 2024−2025 yillar mavsumida ishlab chiqarish hajmi 1,9 mln tonnani tashkil etadi — bu 2,1 mlndan 2,2 mln tonnagacha bo‘lgan rasmiy hisob-kitoblarga nisbatan 10%ga kamdir.
Fermerlar qurg‘oqchilik va yuqori haroratning salbiy ta’siri haqida xabar berishmoqda, bu esa kelgusi yilning aprel oyida boshlanadigan mavsumda hosilni pasaytirishi mumkin.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, portlarga kakao yetkazib berish 2023−2024-yillardagi o‘n yillikning eng yomon mavsumiga nisbatan 34%ga oshgan bo‘lsa-da, ular hali ham 2022-yilgi oddiy mavsum darajasidan 15%ga past.
Mutaxassislarning fikricha, kelgusi yilda kakao narxi yuqoriligicha qoladi. G‘arbiy Afrikada ob-havo beqarorligicha qolmoqda, bu yana hosilga ta’sir qilishi mumkin.
2025-yilda ishlab chiqarishning o‘sishi haqidagi umidlar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, bozordagi vaziyat hamon tarang holatda qolmoqda.
Aprel oyida robusta qahvasi jahon narxlari taqchillik xavfi tufayli 2008-yildan buyon eng yuqori darajaga ko‘tarilgandi.
Bunga Vetnamda issiq ob-havo tufayli hosilga zarar yetkazilishi sababli tanqislik kuzatilgani sabab bo‘lgan.
Avvalroq “Spot” qahva narxi 50 yillik eng yuqori darajaga ko‘tarilgani haqida yozgandi.
Qurg‘oqchilik, yuqori harorat va nisbatan kam sonli hududlardan yetkazib berish narxlar oshishining asosiy sabablari hisoblanadi.