Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini 2025−2035 yillarda rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yig‘ilishda qayta tiklanuvchi energiya ulushini keskin oshirish, tegishli tarmoqlarni rivojlantirish, yuqori kuchlanishli liniyalarni qurish hamda saqlash tizimlarini yaratish bo‘yicha vazifalar berilganini qayd etdi.

Elektr energiyasi iste’moli oshishi bilan birga aholi, elektromobillar va boshqa yo‘nalishlar, xususan, elektrlashtiriladigan xonadonlarga imtiyozli tariflarni qo‘llash bo‘yicha mexanizmlarni ishlab chiqish topshirildi. Vazirning ta’kidlashicha, “har bir yo‘nalish bo‘yicha qisqa muddatlarda tegishli qaror loyihasi va “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish” belgilangan.

“[Elektr energiyasi bo‘yicha] loyihalarni amalga oshirishda, jumladan, loyihalash va qurilish jarayoniga mahalliy resurslar — qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel mahsulotlari va tranformatorlardan foydalanish, shu bilan birga, 2035-yilga mo‘ljallangan dastur doirasida ehtiyojlardan kelib chiqib, yangi quvvatlarni yaratish bo‘yicha tegishli tashkilot va ishlab chiqaruvchilar bilan birga dastur ishlab chiqish topshirildi”, — dedi vazir.

Bundan tashqari, Mirzamahmudov prezident kadrlarni tayyorlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish va Energetika vazirligi huzurida Energetika institutini tashkil etish vazifasini berganini qayd etdi.

Shuningdek, Energetika bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev quyosh va shamol yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa qabul qilishda “kechiktirib bo‘lmaydigan” vazifalar belgilanganini ta’kidladi.

Muqobil elektr energiyasi stansiyalarini qurishda mahalliy mahsulotlar bilan birga, mahalliy muhandislik xizmatlaridan foydalanish belgilangan. Xo‘jayev muhandislarni tayyorlashda dual ta’lim asosida amalga oshirilishini, ular ish joyidan xorijga malaka oshirish uchun yuborilishini ma’lum qildi.

2024-yilning iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov may oyidan joriy etilgan ijtimoiy norma doirasida gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarning uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Oktabr oyida Energetika vaziri gazlashmagan xonadonlar uchun chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini aytib, u 2025-yildan kuchga kirishga va’da bergandi. Biroq hali ham bu tartib joriy etilgani yo‘q.

Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” departamenti direktori o‘rinbosari Diyorbek Nishonov elektr energiyasi tariflari nima uchun oshirilayotganiga izoh bergandi. Uning qayd etishicha, transformatorlarni yangilash va mavjudlarining quvvatlarini yaxshilash xarajatlari elektr narxlarini oshirishni talab qiladi.