Avvalroq ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanishi haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning 3-mart kuni Davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali ariza topshirishga start berildi.
Portal matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 3-mart kuni soat 10:30 holatiga ko‘ra, onlayn ariza jo‘natganlar soni 28 mingtaga yetgan.
Uning doirasida uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismi qoplashga subsidiya ajratiladi. Foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga mablag‘lar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.
Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga qat’iy belgilangan 30 mln so‘m ajratiladi.
Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish rejalashtirilgan. Ariza beruvchi o‘z xohishi bilan daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.
O‘rtacha daromad hududga qarab, quyidagicha bo‘lishi talab etiladi:
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7−8 baravari (3,11 mln — 9,24 mln so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7−9,2 baravari (3,11 mln so‘m — 10,62 mln so‘m).
Ipoteka subsidiyasi uchun arizalarni Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn jo‘natishda portalga kirgach, qidiruv tizimiga “ipoteka krediti” kalit so‘zlarini kiritish zarur.
Undan so‘ng kerakli sahifa paydo bo‘ladi hamda “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali jarayon boshlanadi.
Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi va arizachi haqidagi ma’lumotlar portalda avtomatik ravishda shakllanadi.
Birinchi qadamda ariza yuboruvchi tanlanadi. Agar nomzod o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, “arizachining o‘zi” toifasini tanlashi kerak.
“Spot” subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.
Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Avvalroq rasmiy daromadi bo‘lmaganlarga ipoteka kreditlari ularning boshqa to‘lovlari asosida berilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, Markaziy bank mehnat migrantlari va salbiy kredit tarixiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ipoteka krediti va subsidiya olish imkoniyatini kengaytirish choralarini ko‘radi.